2026-yil 1-sentabrdan Rossiyada 210-FZ-sonli qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kiradi. Ushbu yangiliklar bank kartalari, naqd pulsiz o‘tkazmalar va kriptoaktivlar aylanmasini tartibga solish tizimini o‘zgartiradi. Rosfinmonitoring ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur choralar moliyaviy oqimlarning shaffofligini oshirish va noqonuniy operatsiyalarning oldini olishga qaratilgan.
Asosiy yangiliklardan biri — bir shaxsga tegishli bank kartalari soniga cheklov o‘rnatilishi. Endilikda bir fuqaro bir vaqtning o‘zida 20 tadan ortiq bank kartasiga ega bo‘la olmaydi. Shuningdek, barcha chiqarilgan kartalar va ularning egalari to‘g‘risidagi yagona ma’lumotlar bazasi (reestr) yaratiladi. Bu orqali bir shaxs nomiga ommaviy tarzda kartalar ochish holatlarini aniqlash osonlashadi.
Shuningdek, naqd pulsiz to‘lovlar uchun yagona QR-kod tizimi joriy etiladi. Bu to‘lovchi va qabul qiluvchini aniqlash jarayonini soddalashtiradi. Rosfinmonitoring vakillarining ta’kidlashicha, ushbu o‘zgarishlar oddiy fuqarolar uchun kundalik to‘lovlar va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘tkazmalarga ta’sir qilmaydi, soliq tartiblari esa o‘zgarishsiz qoladi.
Bundan tashqari, kriptoaktivlar bozorini tartibga solish davom etadi. Rossiya Markaziy banki tomonidan ruxsat etilgan kriptovalyutalar (Bitcoin, Ethereum va Tether) bilan bog‘liq operatsiyalar uchun malakasiz investorlarga yiliga 300 ming rublgacha cheklov o‘rnatilgan. Banklar ushbu yangi tizimga o‘tish uchun dasturiy ta’minotni moslashtirmoqda va mijozlarga zarur ko‘rsatmalarni taqdim etishni rejalashtirmoqda.









