Rossiya Davlat dumasi deputati Svetlana Bessarabning ma'lum qilishicha, mamlakatda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash choralari kuchaytirilmoqda. Rasmiylar qonunbuzarlik holatlari aniqlangan taqdirda, migrantlarni deportatsiya qilish va ularning mamlakatga qaytishini taqiqlash amaliyotini qo‘llamoqda. Shuningdek, barcha xorijliklar uchun rus tili va qonunchiligini bilish talablari majburiy hisoblanadi.
Deputatning ta’kidlashicha, Rossiya birinchi navbatda yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishdan manfaatdor. Shu bilan birga, faqat oilasi bilan ko‘chib o‘tishni maqsad qilgan va mahalliy jamiyatga integratsiyalashishni istamaydigan shaxslar uchun talablar yanada qat’iylashmoqda. Hozirgi kunda noqonuniy holatlarni aniqlash bo‘yicha huquq-tartibot organlari nazorati kuchaytirilgan.
Boshqa tomondan, kadrlar bo‘yicha ekspert Garri Muradyan Rossiya iqtisodiyotida ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj yuqori ekanligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, demografik vaziyat sababli mamlakatda ishchi kuchi tanqisligi kuzatilmoqda. Qonuniy asosda ishlayotgan migrantlar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tish, barmoq izlarini topshirish va xavfsizlik talablariga javob beradigan joylarda ro‘yxatdan o‘tishlari shart.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada qonunbuzarlik sodir etgan migrantlar va ularning oila a’zolariga nisbatan mamlakatga kirishni umrbod taqiqlash masalasi ham muhokama qilinmoqda. Migrantlardan o‘z faoliyatlarini qat’iy qonun doirasida olib borish va barcha hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish talab etiladi.









