Rossiyada ish beruvchilarning xorijiy ishchi kuchiga bo'lgan talabini qat'iy nazorat qilish va migrantlarni yollash tartibini murakkablashtirish masalalari muhokama qilinmoqda. Xususan, LDPR partiyasi vakili Roman Krastelevning ta'kidlashicha, kadrlar taqchilligi xorijlik ishchilarni jalb qilish uchun asos bo'lmasligi kerak. U ish beruvchilarni mahalliy aholi uchun ish sharoitlarini yaxshilash va ish haqini oshirishga chaqirdi.
Rossiya hukumati tomonidan qabul qilingan yangi qoidalarga ko'ra, mehnat migrantlari uchun qo'shimcha majburiyatlar joriy etilmoqda. Endilikda soliq organlari xorijlik ishchilarning daromadlari to'g'risidagi ma'lumotlarni Rossiya IIVga avtomatik tarzda yuboradi. Migrantlar esa har yili o'z daromadlari, soliq deklaratsiyasi yoki soliq to'langanligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari shart.
Shuningdek, migratsiya siyosatidagi o'zgarishlar ta'lim sohasiga ham ta'sir ko'rsatmoqda. 2024-yil oxirida qabul qilingan qonunga ko'ra, rus tilini bilmaydigan migrantlar farzandlarini maktablarga qabul qilish taqiqlandi. Bundan tashqari, 2025-yil iyun oyida ta'lim muassasalari migrantlar farzandlari haqidagi ma'lumotlarni IIVga uzatishi majburiy etib belgilandi.
Ushbu o'zgarishlar Rossiyada ishlayotgan yoki ishlashni rejalashtirayotgan O'zbekiston fuqarolaridan hujjatlarni rasmiylashtirishda va soliq hisobotlarini yuritishda yanada ehtiyotkor bo'lishni talab qiladi. Ish beruvchilarning xorijlik xodimlarni yollashdagi qonuniy javobgarligi kuchayib borayotgani sababli, migrantlardan mehnat shartnomalarining to'g'ri tuzilganligini nazorat qilish so'raladi.









