SOS
Siyosat

Rossiyada migrantlar farzandlarining 10-11-sinflarda o'qishi pullik bo'lishi mumkin

Rossiyada migrantlar farzandlarining 10-11-sinflarda o'qishi pullik bo'lishi mumkin

Rossiyada xorijlik fuqarolarning farzandlari uchun 10-11-sinflarda pullik ta'lim tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Ushbu tashabbus LDPR partiyasi tomonidan ilgari surilgan bo'lib, uni Rossiya Yuristlar uyushmasi a'zosi Aleksandr Mitryuk ham qo'llab-quvvatladi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, xorijlik fuqarolarning ta'lim olishiga har yili qariyb 40 milliard rubl mablag' sarflanadi. Uning fikricha, ushbu mablag'ni maktab infratuzilmasini rivojlantirishga yo'naltirish maqsadga muvofiq. Xususan, 40 milliard rubl evaziga qariyb 31 ming o'quvchiga mo'ljallangan 69 ta yangi ta'lim muassasasini qurish va foydalanishga topshirish imkoniyati mavjud.

Aleksandr Mitryuk ushbu taklifni konseptual jihatdan qo'llab-quvvatlasa-da, uni amalga oshirish uchun MDH va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) doirasidagi ikki tomonlama hukumatlararo kelishuvlarni qayta ko'rib chiqish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, 2027-yil uchun “Ta'limni rivojlantirish” davlat dasturiga 682,5 milliard rubl ajratilgani va budjet taqchilligi sharoitida davlat o'z fuqarolari oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini birinchi o'ringa qo'yishi kerakligi ta'kidlandi.

Hozircha ushbu tashabbus muhokama bosqichida bo'lib, yakuniy qaror qabul qilinmagan. Rossiyada ishlayotgan o'zbekistonlik migrantlar farzandlarining ta'lim olishi bilan bog'liq o'zgarishlar rasmiy hujjatlar qabul qilinganidan so'ng kuchga kirishi mumkin.

19.10.20262