SOS
Siyosat

Rossiyada migrantlar farzandlarining bog‘cha va maktabga kirishi qiyinlashishi mumkin

Rossiyada migrantlar farzandlarining bog‘cha va maktabga kirishi qiyinlashishi mumkin

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) vakillari Rossiya fuqaroligiga ega bolalarning bog‘cha va maktablarga qabul qilinishida ustuvorlikni qonuniy belgilash tashabbusi bilan chiqdi. Bu taklif Rossiya Ta’lim vazirligiga yo‘llangan rasmiy murojaatda o‘z aksini topgan.

Deputatlar ushbu qadamni ta’lim muassasalaridagi o‘rinlar tanqisligini kamaytirish hamda Rossiya fuqarolari bo‘lgan oilalar uchun qulaylik yaratish zarurati bilan izohlamoqda. Murojaatda ta’kidlanishicha, 2024-yilda qariyb 13 mingga yaqin bola maktabgacha ta’lim muassasalariga joylasha olmagan.

LDPR vakillari xorijlik fuqarolarning farzandlari uchun mavjud bo‘lgan ayrim imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda. Ularning fikricha, xorijliklarning farzandlari faqatgina ta’lim muassasalarida bo‘sh o‘rinlar qolgan taqdirdagina qabul qilinishi kerak. Ushbu tashabbus qabul qilingan taqdirda, migrantlar farzandlarini davlat bog‘cha va maktablariga joylashtirishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.

Hozirgi vaqtda ushbu taklif faqatgina qonunchilik tashabbusi bosqichida bo‘lib, u hali rasmiy qonun maqomini olmagan. Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlar farzandlarining ta’lim olishi bilan bog‘liq tartib-qoidalardagi har qanday o‘zgarishlarni kuzatib borishlari tavsiya etiladi.

03.09.20261