Rossiya Federatsiyasi bo'ylab xorijlik fuqarolarning kirib kelishi va mamlakat hududidagi harakatlanishini nazorat qiluvchi yagona biometrik tizimni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o'rinbosari Dmitriy Medvedev «Vedomosti» nashriga bergan intervyusida ma'lum qildi.
Yangi tizimning asosiy maqsadi — Rossiya hududida bo'lib turgan xorijliklarning hisobini yuritish va ularning harakatlarini nazorat qilish mexanizmlarini kuchaytirishdan iborat. Ushbu yangilik migrantlarning mamlakatga kirish jarayoni va ichki migratsiya nazoratini raqamlashtirishni ko'zda tutadi.
Rasmiy bayonotda ta'kidlanishicha, Rossiyaning migratsiya siyosati qonunlarga rioya qiluvchi va mahalliy jamiyat qadriyatlarini hurmat qiluvchi xorijliklarga qarshi qaratilmagan. Biroq, joriy etilishi kutilayotgan biometrik nazorat barcha xorijiy fuqarolar, jumladan, mehnat migrantlari uchun majburiy tartibga aylanishi mumkin.
Hozircha tizimning qachondan to'liq ishga tushirilishi va u qanday texnik talablarni o'z ichiga olishi haqidagi tafsilotlar ishlab chiqilmoqda. Migrantlarga o'z hujjatlari va shaxsiy ma'lumotlarini doimo tartibda saqlash hamda qonunchilikdagi o'zgarishlarni kuzatib borish tavsiya etiladi.









