SOS
Siyosat

Rossiyada migrantlar uchun ijtimoiy xizmatlarni pullik qilish taklif etildi

Rossiyada migrantlar uchun ijtimoiy xizmatlarni pullik qilish taklif etildi

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) vakillari "Fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish asoslari to‘g‘risida"gi federal qonunga o‘zgartirish kiritish tashabbusi bilan chiqdi. 27-avgust kuni ma’lum qilinishicha, mazkur qonun loyihasi xorijiy fuqarolarga ijtimoiy xizmatlarni faqat pullik asosda taqdim etishni nazarda tutadi.

Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, xorijliklar uchun ijtimoiy-maishiy va ijtimoiy-tibbiy xizmatlar bepul ko‘rsatilmaydi. Istisno tariqasida, faqat Rossiya ishtirok etgan xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan holatlar saqlab qolinishi mumkin. Qonun mualliflari ushbu chorani mintaqaviy budjetlar yuklamasini kamaytirish va ijtimoiy yordam ko‘rsatishda manzillilikni ta’minlash zarurati bilan izohlamoqda.

Partiya rahbari Leonid Slutskiyning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tashabbus budjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda ijtimoiy tizimni tartibga solishga qaratilgan. Qonun loyihasi mualliflari ushbu o‘zgarishlar Rossiya fuqarolariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda ustuvorlikni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlashgan.

Ta’kidlash joizki, ushbu hujjat hozircha qonun loyihasi bosqichida bo‘lib, uning qabul qilinishi yoki qachon kuchga kirishi bo‘yicha aniq muddatlar belgilanmagan. Rossiyada ishlayotgan va yashayotgan migrantlar ushbu tashabbusning muhokama jarayonlarini kuzatib borishlari tavsiya etiladi.

28.08.20265