SOS
Siyosat

Rossiyada migrantlarga ijtimoiy xizmatlarni pullik qilish taklif etildi

Rossiyada migrantlarga ijtimoiy xizmatlarni pullik qilish taklif etildi

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) vakillari mamlakatda yashovchi xorijiy fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tartibini o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqdi. 27-avgust kuni ma’lum qilinishicha, hujjat Rossiya Federatsiyasi hukumatiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Qonun loyihasi “Rossiya Federatsiyasida fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish asoslari to‘g‘risida”gi federal qonunga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, xorijliklarga barcha ijtimoiy xizmatlar, jumladan, ijtimoiy-maishiy va tibbiy yordamlar faqat pullik asosda taqdim etilishi taklif qilinmoqda.

Partiya rahbari Leonid Slutskiyning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbus mintaqaviy budjetlar yuklamasini kamaytirish va ijtimoiy yordam ko‘rsatishda manzillilikni ta’minlash maqsadida ilgari surilgan. Loyiha mualliflari xorijliklar o‘zlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar, jumladan, oziq-ovqat, kiyim-kechak va birinchi zaruriy buyumlar bilan ta’minlanish xarajatlarini mustaqil ravishda qoplashlari kerak deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, LDPR mintaqa rahbarlariga ijtimoiy to‘lovlar va ularning oluvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha so‘rovlar yuborgan. Partiya vakillarining qayd etishicha, ushbu monitoring natijalariga ko‘ra, mintaqaviy qonunchilikka xarajatlarni qisqartirish va Rossiya fuqarolarining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralaridagi ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha tuzatishlar kiritilishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, mazkur qonun loyihasi hozircha faqat taklif bosqichida bo‘lib, u Rossiya hukumati tomonidan ko‘rib chiqilishi va tegishli tartibda tasdiqlanishi kerak. Hozirgi vaqtda migrantlar uchun ijtimoiy xizmatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.

29.08.20261