SOS
Siyosat

Rossiyada uy interneti keskin qimmatlashishi yoki ayrim hududlarda butunlay yo‘qolib qolishi mumkin

Rossiyada uy interneti keskin qimmatlashishi yoki ayrim hududlarda butunlay yo‘qolib qolishi mumkin

Rossiya Aloqa vazirligi tomonidan tayyorlanayotgan yangi islohot sababli 50 milliondan ortiq foydalanuvchi sifatli va arzon uy internetidan mahrum bo‘lish xavfi ostida qoldi. Vazirlik xonadonlarga internet olib kiruvchi provayderlar uchun litsenziya talablarini keskin kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Yangi qoidalarga ko‘ra, oddiy uy interneti bilan shug‘ullanuvchi kichik operatorlar uchun universal litsenziya narxi 10 million rubl etib belgilanishi, shuningdek, kompaniyaning kamida 100 million rubl o‘z mablag‘i bo‘lishi talab etiladi. Eng asosiy zarba esa yakka tartibdagi tadbirkorlarga (YATT) beriladi — ularga yangi turdagi litsenziyalar umuman berilmaydi.

Bunday og‘ir moliyaviy shartlarni hozirda faqat yillik tushumi 400 million rubldan ortiq bo‘lgan yirik federal kompaniyalargina bajara oladi xolos. Oqibatda, mamlakatda faoliyat yuritayotgan 4,7 mingga yaqin mahalliy operatorlarning minglab kichik firmalari bozorni tark etishga majbur bo‘ladi va Rossiyaning 27 ta hududida bironta ham mahalliy provayder qolmasligi mumkin.

Telekom-assotsiatsiyalar ushbu islohot bozordagi sog‘lom raqobatni yo‘q qilishi va tarif narxlarining haddan tashqari ko‘tarilib ketishidan ogohlantirib, rasmiylarga qarshi chiqmoqda. Vazirlik esa hozircha yakuniy to‘xtamga kelinmaganini va o‘zgarishlar bozor ishtirokchilari bilan muhokama qilinayotganini bildirgan.

07.09.202617