Rossiya Moliya vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning aprel oyidan iyul oyigacha bo'lgan davrda naqd valyutani noqonuniy olib chiqishga urinish bilan bog'liq 291 ta holat aniqlangan. Ushbu harakatlar natijasida qariyb 180 million dollar qiymatidagi mablag'larning mamlakatdan chiqib ketishining oldi olindi.
Sentyabr oyida qabul qilingan yangi tartibga ko'ra, jismoniy shaxslarga O'zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlariga 1 million rubldan ortiq naqd pul olib chiqish taqiqlanadi. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa ushbu davlatlarga naqd pul olib chiqish umuman man etiladi.
Qoidalarni buzgan taqdirda, jismoniy shaxslarning 1 million rubldan oshgan qismi, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning esa barcha naqd mablag'lari musodara qilinadi. Istisno tariqasida, xalqaro aeroportlar orqali bank hisobvaraqlaridan yechib olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda valyuta olib chiqishga ruxsat berilishi mumkin.
Ushbu choralar Rossiyadan kapitalning noqonuniy chiqib ketishini kamaytirish va moliyaviy intizomni kuchaytirish maqsadida joriy etilgan. Rossiya hukumati yaqin uch oy ichida mamlakatdan olib chiqilayotgan naqd rubllarni hisobga olish tartibini tasdiqlashi kutilmoqda.









