Rossiya Davlat Dumasi deputati, "Spravedlivaya Rossiya" partiyasi rahbari Sergey Mironov Rossiya IIV rahbari Vladimir Kolokolsevga migratsiya qoidalarini keskin kuchaytirish bo‘yicha murojaat yo‘lladi. Taklifga ko‘ra, ilgari sudlangan barcha xorijliklarning Rossiyaga kirishi umrbod taqiqlanishi kerak. Hozirgi qonunchilikka ko‘ra, faqat sudlanganligi tugallanmagan shaxslarning kirishi cheklangan bo‘lsa, yangi tashabbus sudlanganlik muddati o‘tganidan qat’i nazar, barcha sudlangan shaxslarga nisbatan taqiq joriy etishni ko‘zda tutadi.
Deputat, shuningdek, migrantlarning ta’lim, savdo va transport kabi sohalarda ishlashini taqiqlashni taklif qilmoqda. Murojaatda migrantlarning ish beruvchini yoki ishlash hududini o‘zgartirishini cheklash, shuningdek, ularning oila a’zolarini Rossiyaga olib kelishini taqiqlash masalalari ham ko‘tarilgan. Agar migrant qonunbuzarlik sodir etsa, uning butun oilasini mamlakatdan chiqarib yuborish taklif qilinmoqda.
Ushbu tashabbuslar Rossiyada migratsiya siyosatini tartibga solish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ilgari surilmoqda. Hozircha bu takliflar loyiha ko‘rinishida bo‘lib, rasmiy qonun maqomiga ega emas. Shunga qaramay, Rossiya hukumati migratsiya sohasidagi nazoratni kuchaytirish yo‘nalishida ish olib borayotganini hisobga olib, migrantlar hujjatlar va qonunlarga rioya qilishda yanada ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.









