Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) vakillari Rossiya ta’lim muassasalariga, xususan, maktab va bolalar bog‘chalariga qabul qilishda Rossiya fuqarosi bo‘lgan bolalarga ustuvorlik berish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda partiya fraksiyasi rahbari Leonid Slutskiy Rossiya Ta’lim vaziri Sergey Kravsovga tegishli xat yo‘lladi.
Moskva shahar dumasidagi LDPR deputati Mariya Voropayevaning ta’kidlashicha, ushbu taklif maktab va bog‘chalardagi navbatlarni qisqartirish hamda mahalliy aholining ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatini yaxshilash maqsadida ilgari surilmoqda. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda Rossiyada 13 mingga yaqin bola maktabgacha ta’lim muassasalariga joylasha olmagan.
Taklifga ko‘ra, Rossiya fuqarosi bo‘lgan ko‘p bolali oilalarning farzandlariga ta’lim muassasalariga birinchi navbatda qabul qilinish huquqi berilishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda ushbu tashabbus rasmiy ko‘rib chiqish bosqichida bo‘lib, qonuniy kuchga ega emas.
Ushbu o‘zgarishlar qabul qilingan taqdirda, Rossiyada yashovchi xorijlik fuqarolarning farzandlarini maktab va bog‘chalarga joylashtirish tartibida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Hozircha mazkur taklif bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan va amaldagi qoidalarda hech qanday o‘zgarish yuz bermagan.









