Samara viloyati Mehnat, bandlik va migratsiya siyosati vazirligi tomonidan 2027-yilda xorijlik fuqarolar uchun soliq yukini oshirishni ko'zda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Hozirgi vaqtda ushbu hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o'tkazilmoqda.
Qonun loyihasiga ko'ra, chet ellik ishchilarning mehnat faoliyatidan olinadigan daromad solig'i miqdori toifasiga qarab oyiga 12 048 rubldan 17 068 rublgacha etib belgilanishi taklif etilmoqda. Shuningdek, 2027-yildan boshlab migrantlar o'z qaramog'idagi har bir bola uchun oyiga 6 024 rubldan 8 534 rublgacha to'lov amalga oshirishi talab qilinishi mumkin.
Bundan tashqari, mintaqada ishlovchi xorijliklar uchun yashash minimumi koeffitsiyenti 1,5 darajasida belgilash taklif etilmoqda. Bu o'zgarish Rossiyaga ishlash uchun kelgan fuqarolar o'zlari va ular bilan birga kelgan oila a'zolarini ushbu koeffitsiyentga ko'paytirilgan yashash minimumi miqdoridan kam bo'lmagan mablag' bilan ta'minlashlari shartligini anglatadi.
Ushbu tashabbuslar tasdiqlangan taqdirda, Samara viloyatida mehnat qilayotgan O'zbekiston fuqarolari o'zlarining oylik xarajatlarini rejalashtirishda ushbu yangi soliq va majburiy to'lovlarni hisobga olishlari lozim bo'ladi.









