Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha Rossiya IIV bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida shaharga ishlash maqsadida kelgan xorijliklar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,6 foizga kamaygan. Migratsiya hisobiga olinganlar umumiy soni 172 862 nafarni tashkil etgan.
Statistikaga ko‘ra, Sankt-Peterburgdagi xorijlik ishchilarning asosiy qismini o‘zbekistonliklar tashkil etadi. Joriy yilning olti oyida shaharda 108 999 nafar O‘zbekiston fuqarosi qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 11,7 foizga kamroqdir. Shuningdek, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari sonida ham mos ravishda 12,2 va 16,1 foizli pasayish kuzatilgan.
Ishchi kuchi oqimining kamayishi ruxsatnoma hujjatlari statistikasi bilan ham tasdiqlanmoqda. Yarim yil davomida berilgan patentlar soni 17,8 foizga, tuzilgan mehnat shartnomalari esa 14,8 foizga qisqargan. Mutaxassislar bu holatni migratsiya sohasidagi nazoratning kuchayishi hamda ish beruvchilar talabining o‘zgarishi bilan izohlamoqda.
Shuningdek, shaharda taksi va kuryerlik xizmatlarida ishlash bo‘yicha joriy etilgan cheklovlar migrantlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Hozirda ushbu taqiqlarni 2028-yilgacha uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shahar mehnat va bandlik qo‘mitasi yil yakuniga qadar migrantlar soni kamayish tendensiyasi saqlanib qolishini taxmin qilmoqda.









