Rossiya Ichki ishlar vazirligi Uzoq Sharq va Arktika hududlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan xorijlik fuqarolar uchun qoidalarni yengillashtirishni taklif etdi. Unga ko'ra, ushbu hududlardagi ilg'or rivojlanish hududlari rezidentlari bilan mehnat shartnomasi tuzgan migrantlar rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslari bo'yicha imtihon topshirish majburiyatidan ozod qilinishi rejalashtirilmoqda.
IIV tomonidan tayyorlangan hujjat loyihasiga ko'ra, mazkur tashabbus investitsiyalarni jalb qilish hamda mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tezlashtirish maqsadida ilgari surilgan. Bu orqali ish beruvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish va xorijiy ishchi kuchini hududlarga jalb qilish ko'zda tutilgan.
Eslatib o'tamiz, hozirgi kunda Rossiya qonunchiligiga muvofiq, xorijiy jurnalistlar hamda kvota asosida ishlash uchun ruxsatnoma olgan migrantlar rus tili, tarixi va qonunchilik asoslarini bilishni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishdan ozod qilingan.
Taklif etilayotgan o'zgarishlar tasdiqlangan taqdirda, Uzoq Sharq va Arktika hududlarida ishga joylashgan xorijliklar uchun hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi soddalashadi. Ushbu yangilik mazkur mintaqalarda mehnat qilayotgan yoki u yerga borishni rejalashtirayotgan o'zbekistonlik migrantlar uchun muhim ahamiyatga ega bo'lishi mumkin.









